Saudiya Arabistoni Podshohligi Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus guruhi rahbari bilan muzokaralar to‘g‘risida

2022-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Siyosiy masalalarni rejalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - Afg‘oniston bo‘yicha maxsus guruhi rahbari Abdulla bin Holid bin Saud al Kabir bilan muzokaralar o‘tkazdi.


Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Saudiya Arabistonining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan insonparvarlik va boshqa yordamlar ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.
Abdulla bin Holid bin Saud al-Kabir O‘zbekistonning bu boradagi amaliy qadamlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazilganini ta’kidladi.
Tomonlar Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yanada kengroq jalb etish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Saudiya tomoni O‘zbekiston Respublikasining Afg‘onistonda Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlari o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidlab, ushbu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Afg‘onistonning yangi hukumatiga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmay hamda xalqaro gumanitar yordamni ko‘paytirmasdan turib, mamlakatdagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy inqirozni bartaraf etib bo‘lmaydi, degan fikr bildirildi. 
Tomonlar Afg‘oniston masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirdilar.