Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023-yil birinchi yarim yillik davridagi faoliyati mamlakatimizning xalqimiz manfaatlariga asoslangan ikki va koʻp tomonlama aloqalarini yanada mustahkamlashga, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ochiq va faol, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatimiz tamoyillarini amalga oshirishga qaratilgan bir qator tadbirlarga boy boʻldi.

Jumladan, ikki tomonlama hamkorlik doirasida mamlakatimizga yuqori darajadagi 73 ta hamda davlat tashkilotlari vakillari, hududiy boshqaruv organlari delegatsiyalarining 186 ta tashrifi amalga oshirildi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/1LlYSrqypKY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Yuqori darajadagi Oʻzbekiston delegatsiyalarining xorijga 107 ta tashrifi ishlab chiqildi hamda respublikamiz davlat tashkilotlari vakillari, viloyat hokimlari va ularning oʻrinbosarlari ishtirokidagi delegatsiyalarning 146 ta xizmat safariga borishiga amaliy koʻmak berildi.

Oʻtkazilgan tashrif va uchrashuvlar yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonning chet davlatlar bilan aloqalarini yanada jadallashtirishga qaratilgan aniq takliflar hamda zarur hollarda, tegishli “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.

Koʻp tomonlama hamkorlik boʻyicha ham samarali muzokaralar oʻtkazildi. 57 ta xalqaro tadbirlarda yuqori darajada hamda 79 ta tadbirlarda davlatimiz idoralari vakillari darajasida delegatsiyalarimiz qatnashdilar.

Dastlabki yarim yillikda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, chet davlatlar yuqori martabali vakillari hamda tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan 150 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi. Shuningdek, xorij davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan 20 dan ziyod telefon orqali muloqotlar boʻlib oʻtdi.

Shu bilan birga, oʻtgan davrda 9 ta davlat tashqi siyosat idoralari bilan siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davralari boʻlib oʻtdi, Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili hamda vazir oʻrinbosarlari tomonidan 139 ta uchrashuv va muzokaralar oʻtkazildi.

Konsullik-huquqiy faoliyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, oʻtgan davrda:

- 107 527 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga konsullik xizmatlari koʻrsatildi;

- 2 854 nafar hamyurtimizni chet elda ish bilan taʼminlashga koʻmaklashildi;

- 10 354 nafar fuqaroga moddiy yordam koʻrsatildi.

Chet elda qiyin vaziyatlarda qolgan, masalan, odam savdosi qurboni boʻlgan, yoki ishsiz, boquvchisiz qolganlar va boshqa murakkab ahvoldagi 523 nafar fuqaromiz Vatanimizga qaytarildi, 113 nafari vaqtincha saqlash muassasalaridan olib chiqildi. 

Pasporti ish beruvchilar tomonidan noqonuniy tarzda olib qoʻyilgan 133 nafar Oʻzbekiston fuqarosiga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar qaytarib olib berildi.

Yanvar – iyun oylarida Jismoniy va yuridik shaxslardan umumiy hisobda 60 528 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 18 259 tasi Vazirlik Konsullik-huquqiy departamentiga, 42 269 tasi esa chet eldagi vakolatxonalarimizga kelgan. Barcha murojaatlar koʻrib chiqilib, ular boʻyicha oʻz vaqtida tegishli konsullik-huquqiy yordam koʻrsatildi.

Oʻtgan olti oy mobaynida 60 744 nafar chet el fuqarosiga Oʻzbekistonga kirish vizalari berilgan, shundan 32 477 tasi elektron tarzda rasmiylashtirilgan.